Annotatsiya: Maqolada poetik struktura o’ziga xosligi Erkin Vohidovning “Sharqiy qirg’oq” she’ri misolida tahlillanadi. Unda shoir lirikasi badiiy xususiyatlari, ifoda uslubi hamda estetik taomillar, manzuma mavzu va mundarijasi, adabiy talqinda tasvir va ifoda uyg’unligi, poetik idrokda badiiy nutq taraqqiyoti nazariy jihatdan umumlashtiriladi.

Tayanch so’z va iboralar: Poetik struktura, badiiy matn, lirika, ifoda, tasvir, she’r, adabiy talqin, estetik idrok, mantiq, ijod ruhiyati, falsafa, tuy’gu, shakl, mazmun, uslub.

Аннотация: В статье анализируется своеобразность поэтической структуры стихотворения Еркин Вохидовой “Шарқий қирғоқ” (Восточный берег). В нем теоретически обобщены литературные свойственности лирики поэта, способ выражения и эстетические обычаи оглавления и содержание темы, гармония изображения и выражения в литературном анализе, развитие художественной реи в поэтическом мышлений.

Ключевые слова и выражения, фразы: Поэтическая структура, литературный текст, лирика, выражение, изображение, стихотворение, литературный анализ, эстетическое мышления (разум), логика, творческий настрой, философия, осязание, форма, содержание, стиль.

Har bir matn poetik strukturasi muayyan ijodkor dunyoqarashini alohidalaydigan o’ziga xos estetik markaz hisoblanib, uning asosida subyektiv kechinma aniqligi jilvalanadi. Hayotni tasvir etish darajasi did va saviya birikuviga bog’lanadi. Ruhiyatga ko’chgan voqelik o’lchami tahlil hamda munosabatda xoslanganlik mezoniga aylanadi. Mavjudlik jumbog’ini teran idrok etish badiiy-estetik ehtiyojdan o’sib chiqadi. Mohiyatni tugal va yaxlit ifodalash esa chinakam iqtidor salohiyatiga payvandlanadi. Matn — she’riy nutq yig’ikligi hamda ijod mantig’ini tayin etadigan asosiy mezon. Unda badiiy nutqni individuallashtirish o’ziga xosligi, original ifodani shakllantirish ehtiyoji hamda tasvir ruhiyati qirralarini ko’rsatish mayli uyg’unlashadi. Jonli tasavvur va jo’shqin tuyg’u butunlashadigan poetik mushohadada uslub husnixati mazmunni yangilaydi, ma’no tarmog’i g’oya o’zgaruviga yo’l ochadi. Anglangan mohiyat shaxsiylashgan mavzu-muammolar doirasi, o’y-xayol tizimi va barqaror ijtimoiy-ruhiy kayfiyatni jipslashtiradi:

Tabiat qonuni,

Qayda bor qirg’oq,

Bilmadim, fanda ne bois omillar,

Sharqiy sohillardan hamisha tikroq,

Balandroq bo’ladi g’arbiy sohillar [3, 82].

Erkin Vohidovning “Sharqiy qirg’oq” (1979) she’ri 21 banddan iborat. Ijodiy dastur darajasiga ko’tarilgan muazzam adabiy talqinda harakatdagi voqelik manzarasi chiziladi. Lirik ifoda odatiy ruhiyat falsafasi bilan boshlanadi. Muallif belgilab bergan tazodiy munosabat “sharqiy sohil-g’arbiy sohil” poetik idrok shiddatini tayin etadi. Umuminsoniy yuksaklikdan u "dardlar girdobida charx urayotgan zamin“ga yuzlanadi, hushyorlik davr taqozosi ekanligini uqtiradi, vaholanki, “dunyoda bor ekan nohaqlik, zulm, dunyoda bor ekan asorat, zulm” ezgulik hamda yovuzlikaro mangu kurash aslo to’xtamaydi! Butun matn mobaynida ikki qirg’oq muqoyasasi mantiqiy bog’lam doirasida harakatlanadi. Tasvir va tahlil muttasil o’rin almashib turadigan poetik chizgilarda kuchli tug’yon boshqaruvi bo’rtib turadi. Mantiqiy ta’kid “sharqiy sohillardan hamisha tikroq, balandroq bo’ladi g’arbiy sohillar” zamirida ikkiga ajralgan insoniyat fojeasi suvratlanadi. Muallif hayotiy ziddiyatlar falsafiy qamrovini kengaytirishga intilarkan, kitobxon e’tiborini olamda mavjud tahlikali vaziyatga yo’naltiradi. Ulkan ijtimoiy dardga yo’grilgan ixtilof teranligi o’quvchini ham ma’naviy-ruhiy jarayon ishtirokchisiga aylantiradi:

Nogoh gumburlaydi Xayfon osmoni,

Yuragin changallab qolar bir ayol.

U sharqiy sohilning bitta qurboni,

Tiriklayin topgan yosh joni zavol [3, 82].

Butun insoniuyatga daxldorlik tuyg’usi shoirni chuqur iztirobga soladi. Garchand, urush olovi so’ngan bo’lsa-da, hamon dunyo har bir burchagida fojealar yuz bermoqda. Achinarli tomoni, hanuz-hanuzgacha miskin, mazlum xalq aziyat chekadi. Badiiy illyustratsiya natijasida ikki tushuncha (sharqiy qirg’oq-g’arbiy qirg’oq) o’z ma’no tarmog’idan uzilib, ezgulik hamda yovuzlik ramzi darajasiga ko’tariladi. Binobarin, “she’r ichidagi so’z boshqa so’zlar bilan mustahkam aloqada — u boshqa so’zga yo tenglanadi, yo zidlanadi, yo tobelanadi, yo...ma’no so’z so’zga urishtirilganda voqe bo’ladi. Zero, so’zning so’zga urilishi — bamisoli bong, uning jarangi tasavvurimizda nedir tushunchalar, narsalar, manzaralar, qiyoslarni uyg’otadi, dil sokinligini buzadi” [6, 47]. Muallif tafsilot va sharh yordamida voqelik o’lchamini ham tasvirlaydi, ham baholaydi. Voqelanayotgan nutq shaklida ijodkor munosabati, kuzatishi, tahlili va mushohadasi butunlashadi. Ohang va marom ijodiy tasavvurni to’ldiruvchi vositalar, ruhiy ifoda tushuncha ma’no sig’imini yanada kengaytiradi. Hayrat, zavq va iztirob sintezi adabiy talqin tabiatini dalolatlaydi. Lavhada ayol “sharqiy sohilning bitta qurboni” xolos, biroq u oxirgisi ham emas! “Yosh joni zavol topayotganlar” dunyoning har burchagida bisyor! Muallif fojeaviy bo’yoqdorlik vositasida hushyorlik hamda ogohlik davr talabi ekanligini yana uqtiradi:

Dunyoda bor ekan nohaqlik, zulm,

Dunyoda bor ekan asorat, jafo.

Jangdamiz, bir boshda bor bitta o’lim,

Sharqiy sohillarda jonimiz fido [3, 83].

“Sharqiy qirg’oq” manzumasi qirq yil avval bitilgan. Uning g’oyaviy markazini davr ruhiyati-umumkayfiyat belgilab beradi. Zamon tagmatni ko’zda tutilsa, adabiy talqin namunasi ko’r-ko’rona etiqod hosilasi ekanligi ayonlashadi. Sobiq Ittifoq sharoitida sovuq munosabatlar bosqichi dunyoni ikkiga ajratgandi. Biroq she’r mantig’i har qanday mafkuradan yuqori turadigan sog’lom e’tiqodni tarannum etadi. Unga muvofiq, inson taqdiri har qanday andozaga sig’maydi. Koinot gultoji, zamin mehvari sifatida ulug’langan odamzod qismati “dasta-dasta kitoblarda yozilganidan murakkabroq!” (Abdulla Orif). “Tinchimas olovli yurak” — shoir nazdida bani basharga adolat yulduzi yo’l ko’rsatadi. Alalxusus, “dunyoda bor ekan nohaqlik, zulm, dunyoda bor ekan asorat, jafo” jabr-zulmga qarshi murosasiz kurash suroni davom etaveradi:

Hamon qit’alarda yo’qdir sukunat,

Hamon jabhalarda uyg’oqdir g’anim.

Jafokash dunyoda, azaliy qismat,

Sharqiy qirg’oqdadir mening vatanim [3, 81].

Satrlar harorati kitobxon qalbida po’rtanalar hosil qiladi. Shoir inon-ixtiyori hamda dag’al reallik to’nashuvidan yuzaga kelgan ruhiy kechinmada ma’naviy mezon markazlashadi. Idrok sezgisidan ijod falsafasiga ko’chadigan аdаbiy talqinda ajib bir tarovat mavjud! Unda ezgulik hamda adolat tomonda muqim turgan muallif pozitsiyasi iztiroblari umumlashadi. “Haq yo’lida fidoyi askarsan, demak, Sening qarorgohing — sharqiy qirg’oqdir” e’tirofi zamirida inson irodasiga ishonch hissi ustuvor! Xalq fog’oni, kinomontaj usulida tasavvurda tezkor kechadigan iztiroblar shodasi lirik qahramonni iskanjaga oladi. Tiyran qalb ko’zlari ilg’agan odamzod fojeasi alamdan forig’ bo’lolmayotgan bani bashar turmushida halovat yo’qligini tasdiqlaydi.

Umuman, Erkin Vohidovning “Sharqiy qirg’oq” she’rida poetik struktura o’ziga xosligini tasvir hamda tasavvurni bir-biriga mantiqan ulash mahorati tayin etadi. Ham ijodkor fitratini, ham kitobxon tuyg’usini junbushga keltirgan ifoda yo’sini kuzatish tarangligidan oziqlanadi. Har bir bandga singdirilgan zohiriy-botiniy alomatlar harakatdagi voqelik ziddiyatlarini jonlantiradi. Unda estetik ideal va ma’naviy mezon bir-biriga tenglashadi, unda ijodkor fitrati hamda o’quvchi shuuri muloqotga kirishadi, unda talqin va tahlil tezkor o’rin almashadi, unda qalb iztirobidan hosil ruhiy kechinma vazni oshadi, unda xayol va hayot aqidalari keskin tafovutlanishi ayon bo’ladi, unda hushyorlik hamda ogohlik davr taqozosi ekanligi amaliy jihatdan dalolatlanadi.

ADABIYOTLAR:

  1. Mirziyoyev Sh.M. Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik — har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo’lishi kerak. —T.: O’zbekiston, 2017.
  2. Bahodir Karim. Ruhiyat alifbosi. —T.: Adabiyot va san’at, 2016.
  3. Vohidov E. She’r dunyosi. —T.: Adabiyot va san’at, 2001.
  4. Yo’ldoshev Q. Yoniq so’z. —T.: Yangi asr avlodi, 2006.
  5. Mustaqillik davri adabiyoti. —T.: Adabiyot va san’at, 2006.
  6. Quronov D. Zavqimdan bir shingil. —T.: Akademnashr, 2013.
  7. G’afurov I. Yurak — alanga. —T.: Adabiyot va san’at, 1979.
  8. http://www.ziyouz.com/