Annototsiya. Ushbu maqolada hozirgi zamon o‘zbek she’riyati Minhojiddin Mirzo she’rlarining shirali til va uslubi tahlilga tortilgan. Ayni paytda ijodkor qalamiga xos xalqonalik, soddalik quyma satrlar jozibasi ochib berilgan.

Kalit so‘zlar. Minhojiddin Mirzo, shirali til, uslub, xalqonalik, soddalik, tuyg‘u,milliy ruh.

Adabiyot adabiy asarlar va adabiy shaxslarsiz mavjud bo‘lolmaydi. Shunday ekan, butun adabiy-ijodiy asarlar va ijodkorlar ahli adabiyotning asosini ya’ni yuragini tashkil etadi. Biroq shuni ham ta’kidlash joizki, adabiyotda adabiy asarlarning umrboqiyligi va o‘qishli bo‘lishi uchun badiiy tahlil masalalari katta ahamiyat kasb etadi. Zero, ijodkor fikr dunyosining qulfini ochish uchun ba’zan adabiy sharhlar yoxud adabiy-badiiy tahlillarga ehtiyoj sezamiz.

Adabiy mushohadalar adabiy tur janrlariga ko‘ra tasniflanishi mumkin. masalan, lirik mushohadalar deganda, she’riy asarlar tahlili haqidagi bahs-munozaralar tushuniladi. Lirik mushohadalarning obyekti esa, shubhasiz, lirik asarlar ya’ni turli janr va vazndagi she’rlar, balladalar, poemalar hisoblanadi. Fikrimizni asoslash uchun ba’zi bir she’r janrlarini mushohadaga tortib ko‘rishimiz mumkin. Masalan, yosh va iste’dodli shoirlarimizdan Minhojiddin Mirzo she’rlarini badiiy mushohadaga tortib ko‘rsak, quyidagicha fikrlar yuzaga keladi:

Qizg‘aldoqlar qiroat qilar —

Qabristonda, har biri quyosh.

O‘tganlarga shafoat tilar,

Tebranadi qizil dastor bosh.

Har bir giyoh aytar salovot,

Turon zamin — bu uyg‘oq zamin.

— Yurt shavkatin qaytar, Haq, — deya,

Pichirlaydi tuproqlar: Omin...![1,13]

She’rda tabiat tasviri orqali juda go‘zal poetik fikr ifodalangan. Ya’nikim, bahor oyida kimki qabristonga ziyoratga borsa, u yerda qip-qizil bo‘lib ochilib yotgan qizg‘aldoqlarga ko‘zi tushadi. Tabiatning ajoyib mo‘jizasini qarangki, hatto qizg‘aldoqlar ham qayerda o‘sishni biladi. Ular har qanday joyda ham barq urib o‘smaydi, biroq aksariyat qabristonlarda negadir qizg‘aldoqlarning alvon guldastasiga ko‘zimiz tushadi. Bunga sabab mazkur go‘zallik elchilari o‘tganlarning ruhlarini shod qilmoq uchun muqaddas ziyoratgohlarga Ollohning in’omi bo‘lsa kerak. Shoir tanosub san’ati orqali go‘zal badiiy tasvir mukammalligiga erishadi. Unga ko‘ra qizg‘aldoqlar o‘tganlar haqiga duo qiluvchi "qizil dastorboshlar"ga mengzalyapti. Har bir giyoh Yaratgandan "Yurt shavkatini qaytar‘ishini so‘rab tavallo qilyapti. Bunga hamohang ravishda tuproqlar ham “pichirlab”, “Omin” o‘qiyapti. She’rda mushohada obyekti sifatida oshkor etilmagan, biroq she’r tagzaminida baralla yangrab turgan tariximizning eng qora kunlariga ishora mavjud. Ya’ni rus bosqini davrida yuzaga kelgan tahlikali vaziyat, xalqimizning eng asl va kamarbasta farzandlarining qatliomidan nafaqat yurtimiz ahli, balki ona tabiat ham zir-zir qaltirab turibdi. Shu boisdan ham bu yurtda “qizg‘aldoqlar qiroat o‘qiydi”, “tuproqlar omin aytadi” yurt haqiga. “So‘z — mening ruhim”, — degan ekan Uolt Uitmen. Demak, she’r — ruhning ko‘rinishi. Ko‘rinish, bir qaraganda, shunchaki, zohirga daxldor jihat. Zohirdagi mavjudlik. Lekin uning zamiriga chuqurroq chuqurroq nazar solinsa, ser solinsa, botinning-da tarzi ekanligi ayon bo‘ladi. Kuzatuv — zohir, his — botin. Taassurot — zohir, anglash — botin. Iste’dodli shoir Minhojiddin Mirzoning bitiklarida kuzatuv va his, taassurot va anglash, ya’ni zohir ila botin uyqashib keladi. Yana bir tomoni, mushohada ila tuyg‘u birikib ruh mohiyatiga aylanadi. Hislar bag‘ridan o‘sadi Vatan degan yuksaklik. Mushohadalar vazminligi tuyg‘ular tug‘yoniga singadi, tuyg‘ular tug‘yoni mushohadalar vazminligiga ko‘chadi. Murod — fikrlashga undov. O‘ylashga undov. Mushohadalar yo‘sini bilan, tuyg‘ular yo‘sini bilan inson deyilmish "sir‘ni anglash qanchalar mushkul ekanligini, uni o‘z-o‘ziga qayrilib qarashga, o‘zini bilishga undaydi:

Mushkulotlar ko‘pdir dunyoda,

Yechar bir kun barin intiq jon.

Ammo ochun oldida mangu

Jumboq bo‘lib qoladi inson.[1,32]

Minhojiddin Mirzo bitiklarida yana bir sifat hurlik olami — ruhning pokligi hamda beg‘uborligiga ishora aylash sirasida namoyon bo‘ladi.

Ruhimga pok ma’volar kerak.

Bu — shoir ruhining sog‘inch tarzi[1,45]

She’riyat borliqning go‘zalligiga munosabat yo‘sinida ko‘ngillarda mehr va muhabbat, oqibat va e’tiqod fazilatlarini paydo qiladi. Borliqdan olingan ta’sirlar va munosabatlar orqali ruhiyatga ishora aylaydi. Minhohiddin Mirzo qizg‘aldoq, yaproq, bahor, yulduz, kuz, chechak, xazon singari tabiat vositalarini yurakning tashbehlariga ko‘chiradiki, bular aksariyat takrorlanib kelgan holida yangi bir his shakliga kiradi.

Minhojiddin Mirzo mustaqillik davri o‘zbek she’riyatining yorqin namoyondalaridan biri hisoblanadi. She’rlaridagi o‘ziga xos ohanrabo har qanday she’riyat ixlosmandini o‘ziga jalb eta oladi. Ayni paytda ijodkor qalamiga xos xalqonalik, soddalik quyma satrlarning hech bir qiyinchiliksiz kitobxon ongi-shuuriga yod bo‘lib qolishini ta’minlaydi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, shoir she’rlarining shirali til va uslubidan tashqari, ijodkorning tasvir mahorati ham Iqbol Mirzo nomini butun O‘zbekistonga yoydi va yoymoqda.

Adabiyotlar

  • Minhojiddin Mirzo. Visol xabari. Toshkent: O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg`armasi nashriyoti — 2003