O‘z ta’sirni o‘tkaza olgan notiqning nutqi ko‘zlangan maqsadiga erishilgan nutq hisoblanadi. Siyosiy nutqda ham ta’sirchanlik darajasi, uning natijaviyligini belgilab beradi. Nutq ta’sirchanligini oshiruvchi unsurlar esa notiqlik uslubiga bog‘liq holda turli xil ko‘rinishlari mavjud. Ushbu ko‘rinishlar tasnifiga to‘xtalishdan oldin notiqlik uslubi haqida izohlar keltirsak:

Notiqlik uslubi — bu nutqning shakli va xarakteri, so‘zning talaffuzi, jozibadorligidir. Notiqlikning uch uslubini farqlash mumkin. Birinchisi — o‘zining tashqi ko‘rinishidan bosiq va qat’iy mantiqiylikka aososlangan bo‘ladi. Ushbu uslub berilayotgan ma’lumotlarning asoslanganligi va isbotlanganligi bilan ajralib turadi. Ikkinchi uslubiga emotsional-hissiy uslubni kiritamiz. Unda notiqning subyektiv tomoni yaqqol ko‘rinib, go‘zal so‘zlashning muhim elementini tashkil etadi. Bunda faqat dalillar, hukmlar va isbotlarga suyanib qolmay, balki o‘z tinglovchilarini hissiy-emotsional qabul qilishga ham asoslanadi. Qiziqarli fikrlar bilan xursand qilish va kuldirishga ham intiladi. Notiqlikning uchinchi ko‘rinishi o‘rta yoki ikkala uslubning sintetik birligi asosidagi uslub deb ham yuritish mumkin. Bunda yuqoridagi ikkala uslubning ham ma’lum xarakterli belgilari ishlatiladi. Ma’lumotlar bosiq, qat’iy mantiqiylikka asoslangan va emotsional-hissiy bo‘lishi mumkin.[1:11] Yuqorida sanalgan umumiy uslublar asosida o‘z shaxsiy uslubini shakllantirgan notiq har qanday minbarda ta’sir ko‘rsata olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ta’sir ko‘rsatish jarayonida esa vositalar birlamchi hodisa hisoblandi. Shu sababli ta’sir ko’rsatishning verbal va noverbal vositalari tahliliga keng to’xtalamiz.

Siyosiy nutqning ta’sirchanligini oshiruvchi verbal vositalar. So‘zning qudratli kuchi tarixiy manbalardan torib, bugungi zamon adabiyotida ham alohida e’tirof qilib kelinmoqda. Siyosiy nutqning barcha shakllari ma’ruza, muhokama-yu, munozaralarda ham so‘z asosiy qurol vazifasini bajaradi. Bu quroldan unumli foydalana olgan notiqning nutqi ta’sirchan bo‘lishi, shubhasiz.

· Notiq o‘zi foydalanayotgan har bir so‘zning ma’nosini va izohini bilishi, vaziyatga nisbatan to‘g‘ri qo‘llay olishi nutqning umumiy talablaridan bo‘lsa, shu so‘zlar asosida yangi faktik ma’lumotlar keltirish, tinglovchilar auditoriyasi uchun yangi hisoblangan so‘zlarning izohini tanishtirish ta’sirchanlikni oshiruvchi verbal vositalardan hisoblanadi.

· Mavzuga doir maqollarni yoki hikmatli so‘zlarni keltirish ham ta’sirchanlikni oshiruvchi verbal vositalardan hisoblanadi. Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev “Bash basha veremeyincha tash yerindan kalkmas” degan turk xalq maqolini misol qilib keltiradi. Rejep Tayip Erdo‘g‘an esa “Bir kishi ariq ochadi, ming kishi undan suv ichadi” deb o‘zbekcha lutf qildi. Turkiya prezidenti bu maqol bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatning butun mintaqa, millionlab odamlarga foydasi tegayotganini ta’kidlaydi.[2]

Nutqning ta’sirchanligini oshiruvchi verbal vositalardan foydalanishda auditoriyani e’tiborga olish alohida ahamiyatga ega, ayniqsa, siyosiy ma’ruzalarda bu qoida o‘rinlidir. Norqul Bekmirzayev izohi bilan keltiradigan bo‘lsak: “Ma’ruzalar — aniq manzilga ega bo‘lgan xatdir.” Ma’ruzaning auditoriyasini hisobga olmaslik, xatni manzilsiz qoldirish bilan barobardir.

Siyosiy nutqning ta’sirchanligini oshiruvchi noverbal vositalar. Siyosiy nutqning ta’sirchanlik darajasi nafaqat verbal hodisalarga, balki noverbal hodisalarga ham bog‘liqdir. Tana harakatlari (qo‘l, bosh, ko‘z, oyoq) siyosiy nutqqa eng ko‘p ta’sir qiluvchi noverbal vositalardir. Shu sababdan ishimizning bu qismida tana harakatlarini kengroq tahlil qilishga kirishdik .Siyosiy nutqda boshqa mazmundagi nutqlardan farqli ravishda ushbu noverbal vositalardan foydalanishdan nihoyatda ehtiyotkorlik talab qilinadi. Masalan, OK (hammasi yaxshi) ma’nosidagi qo‘l harakatidan foydalanish, siyosiy notiq etiketiga ziddir.

Biz nutqimiz davomida tinglovchilarga yetkazib bergan ma’noning faqat 30%i gina bevosita so‘zlar orqali ifodalanar ekan. Boshqacha qilib aytganda, agar muloqot paytida suhbatdoshingiz sizdan 1000 ta signal qabul qilgan bo‘lsa, shundan faqat 300 tasigina so‘zlar orqali yetkazilib berilar ekan. Yana ba’zi manbalarda bu ko‘rsatkich 20% deb beriladi. Imo-ishoralar bugun fanda katta ahamiyatga egaki, hatto u alohida soha “Tana tili” sifatida tadqiq qilinmoqda.

Tana tilini imo-ishoralar tili bilan adashtirib yubormaslik juda muhimdir. Zero imo-ishoralar tili, masalan, harbiylarda, aniq va mutloq ma’noga ega bo‘lib, faqat bir yo‘sinda tushuniladi. Bunga sabab, harbiy operatsiya paytida har bir imo ishora bir xil tushunilishi shart. Shundagina hamma askarlar birgalikda va aniq harakat qila oladi. Aks holda tarqoqlik kelib chiqadi. Tana tilida esa aynan bir xil belgi holatdan kelib chiqib turlicha talqin qilinishi mumkin. Yuqorida aytganimizdek, javob berayotib nigohini olib qochgan odam yolg‘on gapirayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu odam o‘zini hijolatchilikdan qutqarish uchun nigohini olib qochgan bo‘lishi ham mumkin. Masalan, Yapon madaniyatida ko‘zga tik qaragan holda javob berish qo‘pollik, ayrim holatlarda esa hurmatsizlik deb hisoblanadi.

Tana tilining yana bir o‘ziga xos jihati shuki, uning ba’zi elementlari dunyodagi barcha xalqlar uchun bir xil tegishli (universal) bo‘lishi mumkin. Masalan, nutq paytidagi tabassum barcha millatlarda samimiyat va do‘stona munosabat belgisidir. Biroq, tana tilining boshqa elementlari har bir millatning madaniyati, yashash muhiti va axloqiy me’yorlaridan kelib chiqib, turlicha bo‘lishi mumkin.

Misol uchun, ko‘p millatlar uchun qo‘lni musht qilib bosh barmoqni yuqoriga ko‘tarish “yaxshi, zo‘r” degan ma’nolarni bildiradi, lekin ba’zi millatlarda xuddi shu ishora haqoratni ifodalaydi.

Siyosiy nutqda notiqning bosh harakatlari va ko‘z harakatlari nutqqa sezilarli darajada ta’sir o‘tkazadi. Lekin qo‘l harakatlari nisbatan notiqlar eng ko‘p qo‘llovchi va ta’sir doirasi kuchli bo‘lgan noverbal vositalardandir.

Agar notiq nutq paytida faqatgina bir qo‘li bilan imo-ishora qilsa, bu g‘ayritabiiy ko‘rinadi. Shuning uchun ikkala qo‘lni ham barobar ishlatish kerak. Yoki ularni navbat bilan ishlatganda ham teng miqdorda ishlatishga harakat qilish kerak, 7-8 ta harakatni o‘ng qo‘l- u 2-3tasini chap qo‘l qilmasin.

50-100-500 odam sig‘adigan zalda bo‘ladigan uchrashuvlarda qo‘l bilan qilinadigan kichik imo-ishoralar birinchi qatorda boshqa hech kimga ko‘rinmaydi. Shuning uchun bu holatda keng imo-ishoralardan foydalangan ma’qul.

Keng imo-ishoralar notiq haqida tinglovchilarga o‘ziga ishongan, rahnamo, kichik imo-ishoralar esa o‘ziga ishonmaydigan shaxs sifatida ma’lumot beradi. [3:80]

Xullas, imo-ishoralar, tana harakatlari siyosiy nutqda notiq uchun mavzuning mazmun-mohiyatini ochishda bosh yordamchi vositalardir. Ulardan foydalanish ham alohida ko‘nikma va mahorat talab etadi.

Ayrim hollarda imo-ishoralar o‘ta tartibsiz qilinaveradi va ularning gapirilayotgan nutqqa umuman aloqasi bo‘lmaydi. Odatda bu tinglovchilarning ozgina jahlini chiqaradi. Ularga notiq sarosimaga tushayotgan, ortiqcha harakatlar qilayotgan, nima qilishni bilmayotgandek tuyiladi.

Imo-ishoralarning nomuvofiqligi ma’ruzaga juda katta zarar keltirishi mumkin.

— “Assalomu alaykum, hurmatli onaxonlar va otaxonlar” — notiq “onaxonlar” deganda erkaklar tomonni, “otaxonlar” deganda ayollar tomonni ko‘rsatsa, notiqning saviyasiga, nutqning mazmuniga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. G’oyibov N., Yusubov D., Mavlyanov A. Notiqlik san’ati. Toshkent 2012, 11-bet
  2. Allamjanov K. Facebook.com
  3. Qahharov I., Notiqlik san’ati Toshkent: “Turon zamin ziyo”, 2015, 80-bet.