Annototsiya: Ushbu maqolada Abdulla Oripov she’riyatida keng qo’llaniladigan folklorizmlar va uning ahamiyati haqida so’z yuritiladi. Shoir ijodining xalq jonli tiliga yaqinligi tahlil qilingan.

Kalit so`zlar: Abdulla Oripov, folklorizmlar, xalq og‘zaki ijodiyoti, iste’dod, tasviriy vositalar, badiiy matn, xalqchillik, she’riyat, ifoda uslubi.

Asl shoir faqat iste’dodi bilan chegaralanib qolmasdan, mumtoz san’atkorlar merosidan, xalq og‘zaki ijodiyoti, tarix, din va falsafadan ham yetarlicha xabardor bo‘lishi lozim. “Dunyodagi har qaysi xalq va elatning o‘ziga xos og‘zaki ijodiyoti bor. Bu ijodiyot o‘sha xalq yoki millatning bebaho tafakkur xazinasi, milliy his-tuyg‘ularining sarchashmasi, hofiza va xotira manbaidir” [1,23]. Folklor va yozma adabiyot munosabati benihoya keng bo‘lib, bu muommo milliy adabiyotning shakllanish va rivojlanishida xalq og‘zaki ijodining roli, unga xos tasviriy vositalar, badiiy shakllardan foydalanishning muhim tomonlari, folklorizmlarning yuzaga kelishi kabi masalalarni qamrab oladi. O‘zbek she’riyatida folklorizmlardan badiiy matnni qurishda, uning ritmini shakllantirishda, g‘oyaviyligini oshirishda, xalqchilligi va ta’sirchanligini kuchaytirishda eng muhim vosita sifatida foydalanilgan. Folklor ta’siri ijodkorning xalq og‘zaki ijodiga xos syujet motivlaridan, epik obrazlardan, badiiy shakl va ifoda vositalarini asarlarida qo‘llashi folklor materiallariga murojaat qilishi undan ijodiy o‘rganishidir. Shoir va adiblar folklordan uning mavzu va g‘oyalarida, syujet va obrazlaridan, badiiy til vositalaridan, sodda ifoda uslubidan ijodiy foydalanib, o‘z asarlarining xalqchil bo‘lishiga intiladilar. Ehtimol, mana shuning uchun ham Abdulla Oripov “Xalq og‘zaki ijodiga bepisandlik adabiyotdan yiroqlikdir”, degan qat’iy xulosani ilgari surgan. Shoir mehri tushgan ifoda va iboralardan turli mavzu va holatlar, kechinma va kayfiyatlar tasvirida foydalanadi. Masalan, “Shoh va gado” deb nomlangan she’rida “Siylangan joyida azizdir inson” degan xalq maqoli qo‘llangan:

G‘aybdan sado keldi: — Tingla, ey banda,

Barchangga yaratgum yagona makon.

Bir-biring kamsitib qilma sharmanda,

Siylangan joyida azizdir inson [2,9]

Maqol mazkur holatda har bir inson qadr-qimmat topishga loyiq va munosibdir, degan haqiqatning badiiy tasdig‘i uchun xizmat qilayotir. Ayni mana shu maqolning ishlatilishi boshqa bir she’rda fikrning siqiq, baytlarning quyma, ma’nolarning teran bo‘lishini kafolatlagan. Bular maqollar asosida yaratilgan she’riy hikmatlarni eslatadi.

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ijodi o‘ziga xos bir olam. Shoir she’rlari o‘zinng samimiyligi, sodda va ravon tili, badiiy tasvirning nihoyatda nozikligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, Abdulla Oripov ijodi ona-Vatan, buyuk ajdodlarimizga ehtirom, xalq taqdiri, sevgi va vafo kabi rang-barang mavzularga boy bo‘lib, ularda shoir o‘zining ruhiy kechinmalarini badiiy kashfiyot darajasida badiiy talqin qiladi. Shu bilan birga shoirning har bir she’rida milliy ruh, o‘ziga xos ohang yaqqol seziladi.

Ona-tuproqni ardoqlash hamma davrlar adabiyoti uchun mushtarak hodisadir. Abdulla Oripov ijodida mazkur mavzuga juda ko‘p murojaat qilinadi. Shoirning Vatan haqidagi she’rlarida badiiy tasvirlar shu qadar nozik misralarda ifodalanadiki, ularda hech qanday yasama tuyg‘ular, balandparvoz so‘zlar uchratmaydi. Shoir Vatan haqida she’r yozar ekan, uning faqatgina go‘zalligini, iqbolini kuylash bilan cheklanmaydi. Balki uning sermashaqqat tarixi va taqdirini haqqoniy tasvirlaydi.

Shoir she’riyatida tabiat mavzusi ham keng o‘rin egallaydi. U o‘z she’rlarida tabiat fasllari haqida, tun-kunduz, yulduzlar, tog‘lar, chashmalar, maysazorlar to‘g‘risida yozadi. Uning she’rlarini o‘qiganda ariq suvlarining shildirashini eshitayotgandek, bandidan uzilgan yaproqlarning erga tushayotganini ko‘rayotgandek bo‘lasiz. Shoir tabiat va insonni fe’lidagi uyg‘unlikni mohirona tasvirlaydi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Abdulla Oripov she’rlarida an’anaviy ifoda-tasvir vositalarini emas, ko‘pincha faqat shoirning o‘zigagina xos bo‘lgan tashbehlar, sifatlashlar, hazil-mutoyibalarni uchratish mumkin. Ularda shoir qo‘llagan ibora va jumlalar oddiy xalq tilida ifodalanib, ular jimjimadorlikdan xoli, sun’iylikdan yiroq. Mana shu xususiyatlar Abdulla Oripov she’rlarining xalqimiz orasida shuhrat topishiga, katta-yu kichik tomonidan sevib kuylanishiga sababdir. Bu deyarli har bir she’ri qo‘shiqqa aylanib xalq qalbida yashab kelayotgan shoirning eng ulkan baxti desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Umuman, Abdulla Oripov she’riyati mavzu jihatdan qanchalik rang-baranglik kasb etsa, badiiy talqin va tasvir borasida ham o‘ziga xoslikka ega. Zero, shoir qaysi mavzuni qalamga olmasin, ularning barchasida o‘zgacha timsol, obrazlar yaratish orqali o‘quvchilarni badiiy ijodning sirli olamiga olib kiradi.

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Ashurova .G.N. Abdulla Oripov she’riyatida an’ana va badiiy: Filol. fanlari d-ri diss. ... avtoref. — Toshkent, 2008. — 49 b.
  2. Oripov A.Tanlangan asarlar. 4 jildlik. — Toshkent: Adabiyot va san’at, 2001. 4-jild. — 74 b.