Yozuv tilga nisbatan ikkilamchi hodisadir. U til va nutqqa tobe bo`ladi, uni (til va nutqni) og`zaki shakldan yozma shaklga — fizik-akustik substratdan optik—grafik substratga ko`chirish uchun xizmat qiladi. Demak, til va nutq fonografik yozuvning lingvistik asosi (lisoniy poydevori) sanaladi. Fonografik yozuvning grafika, orfografiya va punktuatsiyadan iborat uchta komponenti bor.

1. Grafikaning lingvistik asosini muayyan tilning fonologik sistemasi va ma`lum darajada shu tilning leksik sathi tashkil qiladi. Grafik tizim tilning ana shu sathlariga mansub birliklar bilan grafemalar vositasida aloqaga kirishadi. (Bu haqda „Grafema bilateral` birlik sifatida” mavzusiga qarang) [1].

2. Orfografiyaning lingvistik asosini ham til va nutq tashkil etadi, ammo bu asos zamirida til va nutqning grafika yoxud grafemika tomonidan boshqarilmaydigan jihatlari yotadi. Masalan, kuchli pozitsiyada „b” fonemasining tipik ottenkasi (bozor, abror, lobar so`zlaridagi jarangli „b” ko`rinishi), kuchsiz pozitsiyada esa shu fonemaning notipik ottenkasi (obkash>opkash, ketib>ketip so`zlaridagi „b” ning jarangsizlashgan „p” ko`rinishi) qatnashadi. Birinchi holatning yozuvdagi ifodasi grafika tomonidan boshqariladi (grafemasining jarangli „b” fonemasini ifodalashi grafikada kodlashtirib qo`yilganligi uchun), ikkinchi holatning yozuvdagi ifodasi esa grafika tomonidan boshqarilmaydi, chunki „b” fonemasining kuchsiz pozitsiyadagi ko`rinishlarini yozuvda ifodalash usullari — orfografiya printsiplari grafikada nazarda tutilmagan.

Bunday usullarni (orfografiya printsiplarini) tanlash va qo`llash orfografiyaning vazifalari doirasiga kiradi. Bulardan tashqari, so`z qismlarini satrdan-satrga ko`chirish, bosh va kichik harflarni qo`llash, allomorflardan qaysilarini orfogramma uchun asos (refererent) qilib tanlash, qo`shma so`z komponentlarini qo`shib yoki ajratib yozish, juft va takroriy so`zlar imlosini me`yorlashtirish kabi qator masalalar ham borki, ularni boshqarish orfografiya zimmasiga yuklanadi.

3. Punktuatsiyaning lingvistik asosini tilning grammatik sistemasi va,ayniqsa, gap qurilishining ritmik—intonatsion xususiyatlari tashkil etadi. Shu sohaning etakchi mutaxassisi K.Nazarovning ta`kidlashicha, hozirgi o`zbеk punktuatsiyasining yana bir asosi — rus punktuatsiya sistemasi ham bor [2]. Buning dalili sifatida muallif ko`pchilik tinish belgilarining (so`roq,undov, qo`shtirnoq, ko`p nuqta kabilarning) rus tilidan o`zlashtirilganligini, shuningdek, rus punktuatsiyasi ilmiy—nazariy jihatdan ancha ishlangan va sistemalashgan bo`lganligi uchun o`zbek tilidagi punktuatsiya qoidalarining ayrimlari ham rus punktuatsiyasi qoidalariga asoslanib tuzilganligini aytadi.

Punktuatsiya asoslari zaminida punktuatsiya printsiplari va qoidalari ishlab chiqiladi. Ular (printsiplar va qoidalar) og`zaki nutqning mazmunini, strukturasini va intonatsion xususiyatlarini yozma nutqqa ko`chirish imkonini beradi. Shuni ham ta`kidlash kerakki, tinish belgilarining grafemalar yoxud prosodemografemalar sifatidagi tavsifi (bilateral` birlik ekanligi, optik—grafik tasviri, referenti va h.k.) punktuatsiyaning emas, grafika yoki grafemika fanlarining predmeti sanaladi, binobarin, tilshunoslikning grafika bo`limida ko`riladi, punktuatsiyada esa tinish belgilarining (prosodemografemalarning) qo`llanishini me`yorlashtiruvchi qoidalar tizimi, shu qoidalarning yaratilishiga asos bo`lgan tamoyillar (punktuatsiya printsiplari) ishlab chiqiladi.

4. Yozuv tizimining (grafika, orfografiya, punktuatsiyaning) ekstralingvistik asoslari ham bor. Bunday asoslar zaminida grafemalar va imlo qoidalarining o`quvchilar tomonidan o`zlashtirilishini osonlashtirish usullari (pedagogik—metodik priyomlar) ishlab chiqiladi, harf yoki grafemalarning texnik vositalar (yozuv mashinkalari, linotiplar, komp`yuterlar) uchun qulay shakllari (allograflari), estetik didga mos ko`rinishlari yaratilishi nazarda tutiladi.

Yozuvning ijtimoiy—madaniy va ma`rifiy hayotdagi rolini mustahkamlashda bunday asoslarning hisobga olinishi muhim ahamiyatga egadir. Shu o`rinda Abdurauf Fitratning 1921 yilda birinchi O`lka o`zek tili va imlosi qurultoyida o`qigan ma`ruzasida aytgan quyidagi gapi e`tiborga loyiqdir: „Butun millatlar yozuni o`qimog`och ma`noni onglay olmaylar.

Ma`noni onglamoq uchun yozuni o`qiylar. Biz esak ma`noni onglayolmasaq yozuni o`qiyolmaymiz...” ,- degan edi u o`z ma`ruzasida. Bunda u arab alifbosidagi harflarning ko`p shaklliligi, ularni qo`llash qoidalaridagi noizchilliklar (qisqa unlilarning yozuvda ifodalanmasligi, bir harf bilan turli tovushlarning ifodalanishi) tez va ravon o`qish ko`nikmalarining shaklantirilishiga to`siqlik qilayotganini nazarda tutgan edi.

Yuqoridagi kabi fikrlar o`z vaqtida Elbek (Mashriq Yunusov) va R. In`omovlar tomonidan ham bildirilgan. Elbek bu haqda shunday degan edi: "...Eski imlo atag`on imlomiz burun choqlardan beri bir yo`sunsiz, negizsiz yozilib kelmoqda bo`lg`on bir imlodurkim, buning bilan bir narsani ochiq onglov juda qiyindir, chunki bir so`zni bir necha turli o`qimoq mumkin bo`lg`onlikdan kishi ko`b yanglishadir ... Demak, eski imlo yo`lsizligi uchun tashlanmoqdan boshqa chora yo`qdir„ [3].

R.In`omov esa e`tiborni ko`proq yozuv mashinkalari, telegraf va bosmaxona texnikasi bilan alifbo o`rtasidagi mutanosiblik buzilganiga qaratadi. Xususan, „Maorif va o`qitg`uchi” jurnalida chop etilgan bir maqolasida u shunday deydi: „Nima uchun arabdan lotinga o`tish kerak?

Shu so`roqqa qisqa qilib javob beramiz:

1. Arab alifbosi turk tilidagi tovushlarning shaklini tamomila bera olmaydir.

2. Arab alifbosi texnika tomonidan lotindan quyida turadir. Arabda nuqtalar, alomatlar, bosh, o`rta va so`nggi harflar bordir. Lotin esa bulardan uzoqdir...

3. Arab alifbosi o`qitish, o`rganish ishida lotindan ortda turgani, texnika tomonidan buzuqligi ustiga erlilashtirish ishida ham to`sqinlik qiladir. Masalan: yozu mashinalari, stenografiya, telegraf va shunga o`xshashlar”.

A.K. Borovkov turkiy tillar alifbolarini uyg`unlashtirish (unifikatsiya qilish) masalasi haqida gapirar ekan, bunday unifikatsiya ishlari murakkab bosmaxona texnikasining imkoniyatlariga mos ravishda olib borilishi lozimligini ham alohida uqtiradi. Yuqoridagi fikrlardan ko`rinib turibdiki, alifbo va imloni shakllantirishda faqat lingvistik omillarni hisobga olishning o`zi etarli emas. Buning uchun yozuv tizimining pedagogik—psixologik, texnikaviy, estetik omillar bilan bog`liq jihatlari ham hisobga olingan bo`lishi kerak.

Фойданилган адабиётлар рўйхати

  1. Назаров Карим. Ўзбек тили пунктуацияси.- Т.: Ўқитувчи, 1976.-Б.-35. Яна шу муаллиф: Тиниш белгилари ва ёзма нутқ.- Т.: ФАН, 1974. — Б. 8-9.
  2. Абдураҳмонов Ғ. , Мамажонов С. Ўзбек тили ва адабиёти.—Т. : Ўзбекистон, 1995. — б . 44-45.
  3. Фахри Камол. Ўзбек орфографияси ҳақида . — Т.: Ўқув. Пед. Дав. нашр, 1957. — б.58-62.
  4. Иномов Р. Лотин алифбеси учун кураш.// Маориф ва ўқитувчи.- 1926.- № 3.-б. 5-7.
  5. Графема" термини фанга И.А.Бодуэн де Куртенэ томонидан киритилган. Қаранг: Бодуэн де
  6. Куртенэ И.А. Об отношении русского письма к русскому языку.- СПб., 1912,-С. 27.

Примечания

  1. „Графема” термини фанга И.А.Бодуэн де Куртенэ томонидан киритилган. Қаранг: Бодуэн де Куртенэ И.А. Об отношении русского письма к русскому языку.- СПб., 1912,-С. 27.
  2. Назаров Карим. Ўзбек тили пунктуацияси.- Т.: Ўқитувчи, 1976.-Б.-35. Яна шу муаллиф: Тиниш
  3. белгилари ва ёзма нутқ.- Т.: ФАН, 1974. — Б. 8-9.
  4. Қаранг: 1921 йил январида бўлғон биринчи Ўлка ўзбек тил ва имло қурултойининг чиқорғон қарорлари.-
  5. Т.: Туркистон Жумҳуриятининг давлат нашриёти.-1922.-Б. 13-16.
  6. Элбек. Имло масаласи // Иштирокиюн. — 1920.- 18 сентябрь, № 3. —Б. 5-7.
  7. Боровков А.К. К вопросу об унификации тюркских алфавитов ... // ...востоковедение.-1956. № 4. С.101-110.