Pedagogik jamoa faoliyatida bo’lib turishi tabiiy bo’lgan ziddiyatli vaziyatlar muassasa ish unumiga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan salbiy holatlardan hisoblanadi. Bunday paytda muassasada faoliyat yuritayotgan rahbar yoki xodimning ziddiyatlar haqidagi tushunchalari, ziddiyatlarning kelib chiqish sabablari va ularni boshqarish usullari haqidagi bilimlardan xabardor bo’lishlari nizolar keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan asoratlarning oldini olishga xizmat qiladi. Bunda nizolarni hal etish ularning ichki qonuniyatlarini aniqlash va tahlil etish muhim masala hisoblanadi. O’zaro ziddiyatlarning yuzaga kelish va rivojlanish xususiyatini bilgan holdagina unga aralashish va demak boshqarish imkoniyatini topish mumkin bo’ladi. Bu masala nizo rivojlanishidagi quyidagi bosqichlarni farqlash zaruratini qoyadi: o’rtadagi mavjud ziddiyatni anglash; nizoli vaziyatni anglash; nizoli xatti-harakatni amalga oshirish. Bu bosqichda o’zaro zid yo’nalgan va hissiy ko’rinishga ega bo’lgan harakatlar sodir etiladi; nizoning tugashi va nizo ishtirokchilari tomonidan bo’lib o’tgan voqeani baholash

Keltirilgan birinchi bosqichda odam o’zgaga nisbatan ichki tug’yonini anglaydi. Ba`zi insonlar mana shu holatdayoq ziddiyatni rivojlantirmaslikka harakat qilib, muloqotni davom ettirishdan o’zlarini olib qochishadi. Ziddiyatli munosabatni davom ettirish natijasida nizoli vaziyat yuzaga keladi va muloqot ishtirokchilari o’rtada nizo paydo bo’layotganini anglab etishadi. Bu vaziyatni rivojlantirish natijasida bevosita nizo amalga oshadi va ushbu uchinchi bosqich o’zaro munosabatning ochiq-oydin keskinlashuvi bilan xarakterlanadi. Ta`kidlanayotgan bosqichda tomonlar bevosita nizo jarayoniga qadam qoyadilar va e`tiborni o’z manfaatlarini himoya qilish bilan birga o’zgani ayblash va sha`niga tegish harakatini amalga oshiradilar. Shu bosqichda nizoli munosabatlarning yuqori cho’qqiga ko’tarilishi va bu holat ixtilof iborasi bilan ifodalanishi mumkin. Bunda nizo ishtirokchilari nafaqat vaziyatni, balki o’zlarini ham idora etolmay qoladilar, butunlay hissiyot tug’yoniga beriladilar. Ixtilof tugagandan so’ng, nizoning so’nish bosqichi kuzatiladi va odamda bo’lib o’tgan voqeaga tanqidiy ko’z bilan qarash imkoniyati tug’iladi. Kimdir bo’lib o’tgan hodisadan afsuslansa, ikkinchi bir kishi erishgan “yutug’idan” hatto rohat ham oladi. Ammo, nizoni boshqarish yo’lini tanlagan rahbar iloji boricha vaziyatni keskinlashtirmaslik va nizoni konstruktiv tomonga burish ixtiyorida bo’ladi. Bunday niyatdagi rahbar yo’l qoyilgan ixtilofni yana bir talofat sifatida qabul qilishi, nizo tugagandan so’ng bo’lib o’tgan voqea xususida afsuslanishi turgan gap. Shunday ekan, rahbarning nizoga konstruktiv yondoshuvini ta`minlovchi asosiy uslub — bu nizoning birinchi va ikkinchi bosqichlaridayoq uni keskinlashtirmaslik yo’lini topish, iloji boricha shu davrda uni konstruktiv tomonga yo’naltirishdan iboratdir. Ammo, nizolar boshqaruvi boyicha ko’p yillik tajribalar shuni ko’rsatadiki, odam nizo sharoitiga kirganda ko’pincha o’zini boshqarolmay qoladi va girdobga tushib qolganday nizo yo’nalishi boylab oqib ketadi. Xo’sh, odam nizo oqimiga tushib qolmasligi uchun nima qilishi kerak, nizoning boshlang’ich bosqichlarida o’zini tiyish va demak nizoli vaziyatni boshqarish imkoniyati qanday?

Nizolarni boshqarishning eng maqbul imkoniyati jarayonning boshlang’ich ikki bosqichidadir. Aynan o’zaro ziddiyat va nizoli vaziyat yuzaga kelayotganini anglash davrida shaxs keyingi bosqichlarga o’tib ketmasligi va jo’sh urishni boshlamagan hislarning oldini olishi mumkin. Nizoning bu davrida e`tiborni ziddiyat predmetiga qaratish lozim. Har qanday nizoni yuzaga keltiruvchi sabab, uning predmetida joylashgan. Binobarin, nizoning rivojlanishi, diqqatni predmetdan munosabatlar sohasiga o’tkazish bilan xarakterlanadi. o’zaro ziddiyatdan kelib chiquvchi nizo munosabatlari hissiy tug’yonda o’z aksini topadi. Psixologiya fanida hissiyot inson munosabatlarini aks ettirish jarayoni, deb ta`riflanishi ham bejiz emas. Yuqoridagi fikrlarga asoslanib quyida nizoli vaziyatni to’xtatishning asosiy sharti va imkoniyati sifatida nizo predmeti doirasida harakat etish zarurati ta`kidlanadi. Bunday harakatda hamma e`tibor, nima sababdan nizo kelib chiqqanligi va muammoni hal etishga intilish, iloji boricha shaxsiy munosabatni oshkora etish doirasiga o’tib ketmaslikka qaratiladi.

Nizoli vaziyat rivojlanayotganligini anglagan zahotiyoq biron narsaga diqqatni ko’chirish, begona ob`ektlarga e`tiborni qaratish lozim. Bunday paytda vaziyatni hazilga yo’yish, biron-bir bahona topib xonadan chiqib ketish va umuman, vaziyatdan diqqatni chalg’itish lozim.

Aniqlanishicha, inson nizo bosqichlari, ularning har bir xususiyati haqida garchand ko’p bilimga ega bo’lmasin, o’z-o’zini idora etishi doim ham oson ish emas. Shu munosabat bilan nizoli vaziyatni boshqarish malakasini shakllantiruvchi quyidagi osongina mashqni taklif etish mumkin. Har qanday nizoli vaziyat bo’lib o’tgandan so’ng shu vaziyatning boshlanishi, rivojlanishi, har bir bosqichdan o’tishini ko’z oldingizdan o’tkazing. Miyangizda xuddi kinofil`mga o’xshash tasavvurlar yordamida bo’lib o’tgan jarayonni qayta tasvirlang. Nizoning qaysi qismida tetik harakat qilganingiz va qaerda jarayon rivojalanishini to’xtatish imkoniyatim bor edi, deb o’zingizdan so’rang. Shundan so’ng ushbu voqea tasvirlangan “kinofil`mni” teskari holda ko’z odingizdan o’tkazing, ya`ni nizoning oxiridan toki boshlanish nuqtasiga qadar vaziyatni qayta tasavvur etib chiqing. Bir voqeani boshidan oxiriga va qayta tarzda jonlantirish o’xshash vaziyatlarni nazorat eta olish imkonini yanada oshiradi, jarayonga sovuqqonlik bilan qarash, shu kabi vaziyat yana qaytalaganda uni chetdan kuzata olish malakasini yaratishda birinchi qadam bo’lib hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda nizoning boshlang’ich bosqichlarida vaziyatdan o’zini ajrata olish qurbiga ega bo’lgan odam xohlasa nizoni rivojlantirmay, bamaylixotir muhokama qilishi yoki bo’lmasa, hozircha boshqa narsalarga diqqatini yo’naltirgan holda o’zga tomon yupangandan so’ng yana masalani muhokama etishga qaytish mumkin.

Adabiyotlar rо‘yxati

  1. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat —yengilmas kuch. —T.: “Ma’naviyat” 2008. 178 b
  2. Adizova T.M. Boshqaruv psixologiyasi. — Toshkent, 2000. 65 b
  3. Mahmudov I. Boshqaruv psixologiyasi.-T.: “Yunaks print” 2006. 84 b
  4. G‘oziyev E.G. Muomala psixologiyasi. T-2001. 106 b.